Печать
Категория: Jamiyatdagi
Просмотров: 112

Karmana tuman hokimi F.S.Umarovning 9 may – Xotira va qadrlash kuni munosabati bilan bayram tabrigi

 

Assalomu alaykum, aziz tumandoshlar!

Hurmatli urush va mehnat faxriylari! 

Avvalo, barchangizni 9 - may - Xotira va qadrlash kuni hamda ikkinchi johon urushida qozonilgan g‘alabaning 78 yilligi bilan samimiy tabriklayman.

Mana, bir necha kundirki, tumandoshlarimiz yildan yilga muborak ziyoratgohga aylanib borayotgan Xotira maydoniga kelib, Motamsaro ona haykali poyiga gullar qo‘ymoqda. Urushda halok bo‘lgan ota-bobolari xotirasini yod etmoqda. 

9 - may kuni har yili yurtimizda nafaqat xotira, balki yoshi ulug‘ insonlarni qadrlash, e’zozlash kuni sifatida ham keng nishonlanadi. Joriy yilda ham bugungi kunlarga yetib kelgan tabarruk keksalarimiz, urush va mehnat faxriylarimiz ziyorat qilinib, ularning duosi olinmoqda.

Bu yil ham tumanimizda Buyuk g‘alabaning 78 yilligi munosabati bilan ko‘plab tadbirlar, uchrashuvlar, xotira marosimlari o‘tkazilmoqda.  

Bizni tarbiyalab, voyaga yetkazgan, umr yo‘llarida bizga tanyanch va suyanch bo‘lgan tabarruk insonlarga ehtirom ko‘rsatish xalqimizning azaliy qadriyatlaridan biridir. Ayni kunlarda hurmatli nuroniylarimizga e’tibor va g‘amxo‘rlikni yanada kuchaytirish, ularni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash, hasharlar uyushtirib, ularning xonadonlarida obodonlashtirish ishlarini tashkil qilish ishlari ham amalga oshirilmoqda.

Ayni vaqtda janggohlarda mardlik va jasorat ko‘rsatgan, front ortida fidokorona mehnat qilib, bugun oramizda sog‘-salomat bo‘lib yurgan muhtaram, duogo‘y faxriylarimizga ta’zim bajo aylaymiz! Bugungi tinch – osoyishta hayotimiz, musaffo osmonimiz uchun ularga cheksiz va samimiy minnatdorchilik bildiramiz. 

Aziz tumandoshlar!

Barchangizni yana bir bor 9-may – Xotira va qadrlash kuni bilan qutlab, Sizlarga sihat-salomatlik, baxt-saodat, xonadonlaringizga fayz va qut-baraka tilayman.

Bayramlaringiz muborak bo‘lsin!