Печать
Категория: Jamiyatdagi
Просмотров: 111

Aholini roʻyxatga olish tadbiri ilk bora oʻtkazilgan davlatlarni bilasizmi?

Odamlar hisobini yuritish amaliyoti ilk bor miloddan avvalgi III ming yillikdan boshlangan. Bu jarayon dastlab Osiyo va Afrika davlatlari, Misr, Mesopotamiya, Hindiston, Xitoy va Yaponiyani qamrab olgan. Bu islohotdan koʻzlangan maqsad soliq toʻlovchilar va askarlikka yaroqli aholi sonini aniqlash boʻlgan.

Ilk oʻrta asrlarda mazkur tartibot birmuncha takomillashgan. Aholini hisobga olish elementlari xoʻjaliklarning yozma kitoblar, kadastrlardagi tavsiflari bilan uygʻunlashgan. Ularda odamlar yoki oilalar emas, balki uy-joy kabi soliqqa tortish birliklari birinchi oʻringa qoʻyilgan.

Finlyandiyada XVI asrdanoq aholi soni roʻyxatini olib borish boshlangan. Davlatning maqsadi birinchi oʻrinda soliqqa tortish va harbiy xizmatga chaqirish bilan bogʻliq boʻlgan. Oʻsha davrda Shvetsiya oʻzining Sharqiy qismi boʻlgan Finlyandiyani qoʻshganda ham aholisi kam, kambagʻal davlat edi. Binobarin, yirik maʼmuriy apparat va armiyani saqlab turish uchun harbiy xizmat majburiy boʻlgan, soliqqa tortiladigan aholi va uning mulki toʻgʻrisidagi maʼlumotlar ham muntazam yuritilgan.

Aholi roʻyxatida joylashgan va butun Finlyandiyani oʻz ichiga olgan axborot tarkibi oʻzining keng qamrovli ekanligi bilan ajralib turadi. Axborot bazasi mamlakatning har bir fuqarosi haqidagi aniq va eʼtiborga loyiq maʼlumotlarni oʻz ichiga oladi. Fuqaro toʻgʻrisidagi eng muhim maʼlumot uning ismi va familiyasi, tugʻilgan joyi va sanasi hamda fuqaroligidir. Shuningdek, fuqaroning oilaviy ahvoli (turmush oʻrtogʻi, farzandlari va ota-onasi) hamda yashash joyi toʻgʻrisidagi maʼlumot ham muhimdir.

XVIII asr oʻrtalaridan aholini oʻrganishga qiziqish ortadi. Avstriya, Niderlandiya, Daniya, Ispaniya, Yaponiya, AQSHda odamlar hisobini yuritishga kirishiladi. Biroq bu hisob-kitoblar butun boshli aholini qamrab ololmagan.

Aholini universal roʻyxatga olish 1665-yilda Yangi Fransiya (Kvebek) koloniyasida boʻlib oʻtdi. AQSHda 1790-yilda toʻliq aholini roʻyxatga olish ishlari olib borildi. Oʻshanda oʻn yetti nafar politsiya xodimi mamlakat boʻylab sayohat qilib, xonadonma-xonadon yurib, oltita savolga javob toʻplashdi: uy egasining toʻliq nomi, oʻn olti yosh va undan katta yoshdagi ozod oq tanli erkaklar, oʻn olti yoshdan kichik boʻlgan ozod oq tanli erkaklar, ozod oq tanli ayollar, boshqa ozod shaxslar va qullar soni.

Oʻttiz yil oʻtgach, Italiya, Ispaniya, Angliya, Irlandiya, Avstriya, Fransiyada roʻyxatga olish vaqti keldi. 1851-yilda Xitoyda, keyin Yaponiyada (1871) va nihoyat, Rossiyada aholi roʻyxatga olindi.

Zamonaviy bosqich XX asrning oʻrtalaridan boshlandi. Osiyoning qator mamlakatlarida, shuningdek, Afrikada aholini roʻyxatga olish oʻtkazildi. Bu yangi mustaqil davlatlar paydo boʻlishi bilan bogʻliq edi. Oʻtgan asrning 70-yillarida Yaman, BAA, Saudiya Arabistoni kabi mamlakatlarda birinchi marotaba aholi roʻyxatdan oʻtkazildi. XX asrning oxiriga kelib, aholini roʻyxatga olish dunyoning deyarli barcha hududini qamrab oldi.