YANGI O‘ZBEKISTON – YASHIL MAKONDA BIRGA YASHAYLIK!

Karmana tumanidagi mahalla faollari, nuroniylar, ziyolilar, xotin-qizlar va yoshlar vakillarining xalqimizga
MUROJAATI

Aziz vatandoshlar, qadrli Karmanaliklar!


Ma’lumki, Yer sayyorasi – bashariyatning yagona Vatani. Yer – hayot manbai. Inson hayoti uchun nimaiki zarur bo‘lsa, barchasini bizga mana shu saxovatli zamin in’om etadi. Afsuski, bugun suvdan, tuproqdan noto‘g‘ri foydalanish, ekologik jihatdan zararli texnologiyalarni qo‘llash oqibatida sayyoramizda iqlim o‘zgarib, bioxilma-xillik yo‘qolib bormoqda. Yer yuzidagi 8 milliarddan ortiq insoniyatning hayoti xavf ostida qolmoqda.
So‘nggi paytda daraxtlarning noqonuniy kesilishi muammosi dolzarb masala sifatida jamoatchilik tomonidan ko‘tarilyapti. O‘zbekistonda ekologik vaziyatning keskinlashgani kuzatildi. Shu o‘rinda daraxt ekish aksiyasini jadallashtirib o‘tkazishni vaziyatni o‘zi taqozo etmoqda. Bunday tashabbus barcha yurtdoshlarimiz tomonidan faol ilgari surildi va qo‘llab-quvvatlanmoqda. Bugun texnologiya rivojlanyapti, ko‘pgina ishlab chiqarish korxonalari qurilyapti, aholi soni ko‘payyapti. 1 gektar yerga ekilgan daraxt bir yilda 8 kg karbonat angidridni yutib oladi va 6 kg kislorod ishlab chiqaradi. Yoki yarim gektar yerga ekilgan daraxt bir avtomobilning 42 ming km yo‘l bosib chiqargan karbonat angidridini yutishini aytishimiz mumkin.

 

Hurmatli Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev yaqinda Birlashgan Millatlar Tashkiloti minbaridan insoniyat hayotiga tahdid solayotgan uchta inqiroz – iqlim o‘zgarishi, bioxilma-xillik yo‘qolishi va atrof-muhit ifloslanishini bartaraf etishga doir muhim tashabbuslarni ilgari surdilar.
Davlatimiz rahbari joriy yil 11 oktyabrda o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida ham mazkur masala bo‘yicha bir qator muhim takliflar bildirib, ustuvor vazifalarni belgilab berdilar. Jumladan, 25 oktyabrdan
1 dekabrga qadar yurtimizda “kuzgi daraxt ekish mavsumi” e’lon qilindi.
Doimo ona tabiat bilan uyg‘un va hamohang bo‘lib, atrof-muhit sofligi va barqarorligini saqlashga intilib kelayotgan ko‘p millatli xalqimiz nomidan biz navoiyliklar ham Prezidentimizning ana shu tashabbuslaridan ruh olib, barchangizni, butun el-yurtimizni “Yangi O‘zbekiston – yashil makonda birga yashaylik!” degan olijanob g‘oyani qo‘llab-quvvatlashga chaqiramiz.
Dono xalqimizda: “Yaxshidan bog‘ qoladi” degan purma’no hikmat bor.
Shunday ekan, milliy qadriyatlarimizga sodiq qolgan holda, oilada farzand dunyoga kelganida unga atab ko‘chat ekish, hashar yo‘li bilan bog‘-rog‘lar yaratish, imoratlar atrofini ko‘kalamzorlashtirish kabi ezgu an’analarimizga hamohang tarzda har bir xonadon tomonidan 20 tup ko‘chat ekish va o‘stirish tashabbusini ilgari suramiz.
Shuningdek, har bir fuqaroning to‘y va boshqa yaxshi kunlarida nihol ekishni an’anaga aylantirsak, bu g‘oyat savobli tadbir bo‘lardi.
Qadrli mahalla faollari, ko‘chaboshi va uyboshilar!
Ayni vaqtda ayrim mahallalarda, ko‘cha va guzarlarda bo‘sh turgan, daraxt ekilmagan joylar ham ko‘p. Endigi vazifamiz ushbu joylarni bog‘-rog‘larga aylantirishda mahalla ahlining hamjihatligini kuchaytirish, hudud obodligi va aholi farovonligiga xizmat qiladigan loyihalarni kengaytirishdan iboratdir. Buning uchun har bir mahallada “mahalla bog‘lari”ni yaratishimiz, yashil hududlarni ko‘paytirishimiz, shaxsiy namuna sifatida dastlab o‘z xonadonimiz va ko‘chamizni obod qilishimiz, “Yashil makon” umummilliy loyihasiga o‘z hissamizni qo‘shishimiz zarur.
Ekilgan har bir niholni parvarishlash va saqlashda mahalla faollari, boshqaruv-servis kompaniyalari jonbozlik ko‘rsatishi lozim. Buning uchun “mahalla yettiligi”, ko‘chaboshi va uyboshilar 

Muhtaram nuroniylar!
Sizlarning hayotiy tajribangiz, duo va tilaklaringiz xalqimiz uchun hamisha katta tayanch va suyanch bo‘lib kelmoqda.
tumanimizdagi 14,5 mingdan ortiq nuroniylardan mahallalarda “Yashil makon” umummilliy loyihasini amalga oshirishda, aholi tomonidan ko‘chatlarni namunali ekishni tashkillashtirishda yanada faollik va tashabbus kutib qolamiz. Sizlarning shaxsiy namunangiz, pandu nasihat, tavsiya va ko‘rsatmalaringiz barchamiz uchun muhim.
Nuroniylarimizning har biri 1 tupdan ko‘chat eksa, 14,5 mingdan ziyod yangi daraxt paydo bo‘ladi. Yoki har biri o‘z yoniga 10 nafar yoshni jalb qilsa, bu raqam 10 barobarga oshadi.
Hurmatli dehqon va fermerlar, tomorqa yer egalari!
Yerga mehr berish, uning har bir qarichidan unumli foydalanish, ko‘chat ekib, bog‘ yaratishda sizlarning xizmatingiz katta. Birgina ko‘chat yetishtirish bo‘yicha to‘xtaladigan bo‘lsak, tumanimizdagi mavjud fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari tomonidan
400 mingdan ziyod tut, tok, tol, yong‘oq va boshqa nihollar parvarishlanmoqda.
Bu savobli ishlarni davom ettirish uchun har bir xonadon egasi o‘z tomorqasiga, mahalla guzari va ko‘chasiga 10 tupdan ko‘chat eksa, viloyatimiz bo‘ylab o‘rtacha
311 ming daraxt bunyod bo‘ladi.
Fermerlarimiz “Bir dala – bir mahsulot” tamoyili asosida o‘z hududiga tut, tok, terak va boshqa ko‘chatlarni eksa, har bir qarich yerimiz bog‘-rog‘larga aylanadi.

Qadrli ziyolilar, fan, adabiyot, san’at namoyandalari va sportchilar!
Jonajon Vatanimiz taraqqiyotiga hissa qo‘shadigan tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlashda sizlar keng jamoatchilik vakillari hamda kelajak avlodga bosh-qosh va namuna bo‘lishlaringizga ishonamiz.
Siz kabi el tanigan ijod ahliga, ziyolilar hamda sportchilarga viloyatimiz yoshlari o‘zgacha havas bilan qaraydi.
Shunday ekan, yurtimizda amalga oshirilayotgan kuzgi daraxt ekish mavsumida sizlardan yangidan yangi tashabbuslar, amaliy harakatlar kutib qolamiz!
Moʻtabar onaxonlar, aziz opa-singillar!
Xonadonimiz, mahallamiz fayzu tarovati hamisha siz bilan go‘zaldir!
Tabiat ham ona kabi muqaddas sanaladi. Ona va tabiat tushunchalari bir-biriga hamohang. Onani qanday e’zozlasak, tabiatni ham shunday qadrlashni farzandlarimiz ongu shuuriga chuqur singdiraylik!
Toki, farzandlarimiz ota-bobolarimiz singari bog‘u bo‘stonlar yaratuvchisi, ona tabiat himoyachisi bo‘lsin! Shundagina tabiatni asl holidek saqlab, uni kelajak avlodga bezavol yetkazishga erishamiz.
Ayni chog‘da “Onalar – yashil makon uchun” g‘oyasining an’anaga aylanib borayotgani hamda mahallalarda “Onalar bog‘i” tashkil etilayotgani quvonchimizga quvonch qo‘shmoqda. Bu kabi ezgu va xayrli tashabbuslarda tumanimizdagi 43 ta mahallada tashkil etilgan “Oqila ayollar” harakatining ham munosib o‘rni bor. Galdagi vazifamiz – ushbu xayrli tadbirlarni xalqimiz orasida keng targ‘ib qilishdan iborat.

Aziz va navqiron yoshlar!
Sizlar Yangi O‘zbekistonning, uchinchi Rennesans poydevorining bunyodkorlarisiz!
Yurtimiz taraqqiyoti, xalqimiz ko‘zlayotgan yuksak marralarga erishishda sizning aql-zakovatingiz, g‘ayrat-shijoatingiz, ona Vatanga bo‘lgan sadoqatingiz beqiyosdir.
Ona zaminimizga mehr bering! Nurli kelajak uchun bugundan boshlab o‘z xonadoningiz, ko‘changiz, mahallangizda nihol ekib, joylarda “Yoshlar bog‘i”ni tashkil etishda tashabbusni qo‘ldan boy bermang!
Unutmang, siz Istiqlol farzandisiz, sizning hissangiz – bu ota-onangiz, mahallangiz va butun xalqimizning farovonligi uchun xizmat qiladi.
Aziz Karmanaliklar!
Daraxt ekish va uni parvarishlashni majburiyat emas, qadriyat sifatida e’zozlaylik!
Har birimiz kelajak avlod oldidagi burchimizni chuqur his qilgan holda, “Yashil makon” loyihasini umumxalq milliy harakatiga aylantiraylik!
Ishonamizki, bu xayrli tadbirda hech birimiz chetda turmaymiz va vohamizni barcha havas qiladigan “Yashil makon”ga aylantiramiz!


Toki, bizdan farzandlarimizga obod, yashillikka burkangan go‘zal va betakror Vatan meros bo‘lib qolsin!