8 mart — Xalqaro xotin-qizlar kuni munosabati bilan Karmana tuman hokimi F.Umarovning bayram tabrigi

 

 

Assalomu alaykum, muhtarama onaxonlar, aziz opa-singillar!

           Betakror va jonajon yurtimizga orziqib kutilgan go‘zallik va yasharish fasli – Bahor kirib kelgan qutlug‘ kunlarda Siz aziz ayollarni va Siz orqali barcha moʻtabar onaxonlaru munis opa-singillarimizni 8 mart – Xalqaro Xotin-qizlar kuni bilan chin qalbimdan samimiy tabriklayman.


             Zero, ushbu bayramning aynan bahorning ilk kunlarida nishonlanishida ham keng ma’no mujassam bo‘lib, munis ayollarimiz bahor kabi hayotimizga yangilanish va yasharish, qalbimizga quvonch va shodlik tuyg‘ularini ulashadi.
Shuni quvonch bilan aytishimiz mumkinki, istiqlol yillarida yurtimizda xotin-qizlarning jamiyatdagi faolligini oshirish, ularni ijtimoiy himoyalash, moddiy va ma’naviy rag‘batlantirish borasida samarali ishlar amalga oshirildi.


           Mamlakatimizda joriy yilning “Insonga e’tibor va sifatli ta’lim yili” deb e’lon qilinganligi azaliy qadriyatlarimizdan bo‘lmish inson qadri ulug‘ligiga, xotin-qizlar huquqlarini himoya qilishni ta’minlashdagi o‘rniga yana bir bor yuksak e’tiborning namunasidir.
Ayniqsa, ona va bola salomatligini mustahkamlash, jismoniy, intellektual va ma’naviy jihatdan yetuk yosh avlodni voyaga yetkazish, sog‘lom turmush tarzi kabi masalalar eng ustuvor vazifalar etib belgilanganligi, bu borada barchamizga kuch-g‘ayratlarimizni ishga solishimiz, faol va fidoyi bo‘lishimizga undaydi.

           Eng muhimi, yurtimizda yaratilgan keng imkoniyatlar, yuksak e’tibor bois, ayollarimiz xoh ishlab chiqarish, xoh fan va ta’lim, xoh sport yoki madaniyat sohasi bo‘lsin o‘zlarining nimalarga qodir ekanliklarini, iste’dod va iqtidorlarini namoyon etib kelmoqdalar.
Ular saflarida Davlat mukofoti sohibalari, umuman olganda barcha soha vakilalarining borligi bizni mamnun etadi, hayotimizga o‘zgacha shukuh, o‘zgacha fayz baxsh etadi. Eng quvonarlisi shundaki, kuni kecha O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti bilan taqdirlash to‘g‘risida qaroriga asosan Karmana tumanidagi sport maktabining badiiy gimnastika bo‘yicha murabbiysi Raxmatova Dildora Ismat qizi Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti bilan taqdirlangani barcha tumandoshlarimiz uchun faxrlidir.


           Jamiyatimizda fidokorona mehnati bilan mamlakatimiz taraqqiyotiga munosib hissa qo‘shib kelayotgan qadri baland ayollarimizning buyuk xizmatlari bilan har doim haqli ravishda faxrlanamiz.
Oradan yillar, asrlar o‘tadi, lekin onani, ayolni doimo e’zozlab, ardoqlab yashashga intilish tuyg‘usi qalbimizda abadiy saqlanib qoladi.

Aziz opa-singillar, mehridaryo onaxonlar!

             Sizlarni va siz orqali tumanimiz ayollarini 8 mart - “Xalqaro xotin-qizlar kuni” bayrami bilan yana bir bor chin qalbimdan samimiy tabriklayman.
Sizlarga mustahkam sog‘lik, bahoriy xush kayfiyat, oilaviy baxt, tinchlik-xotirjamlik, xonadonlaringizga fayzu baraka tilayman!
Hech qachon qalbingizda xursandchilik, chehrangizdan kulgu arimasin!
Qutlug‘ ayyomingiz muborak bo‘lsin!

KARMANALIK DILDORA ZULFIYA NOMIDAGI DAVLAT MUKOFOTI BILAN TAQDIRLANDI

 

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti bilan taqdirlash to‘g‘risida qaroriga asosan Karmana tumanidagi sport maktabining badiiy gimnastika bo‘yicha murabbiysi Raxmatova Dildora Ismat qizi Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti bilan taqdirlandi.

 

Karmana tumani Sport maktabining Badiiy gimnastika bo‘yicha trener-o‘qituvchisi Raxmatova Dildora Ismat qizining erishgan natijalari to‘g‘risida ma'lumot.


1997-yil 23-sentabrda Navoiy viloyati Karmana tumanida tug‘ilgan, millati o‘zbek. Sportning badiiy gimnastika turi bo‘yicha trener-o‘qituvchi.
Raxmatova Dildora Ismat qizi xalqaro toifadagi sport ustasi, O‘zbekiston milliy terma jamoa a’zosi.
Raxmatova Dildora terma jamoa safida qator nufuzli musobaqalarda muvaffaqiyatli ishtirok etib, hozirda trener-o‘qituvchi lavozimida ishlab, o‘ziga o‘xshagan sportchi qizlarni tayyorlab, yurtimiz sharafini yanada yuksaklarga ko‘tarishga hissa qo‘shmoqda.
Raxmatova Dildora badiiy gimnastika bo‘yicha Respublika va xalqaro sport musobaqalarida faxrli o‘rinlarni qo‘lga kiritib kelmoqda.
2016-yil Italiya davlatining Latino shahrida bo‘lib o‘tgan Latino-Fiore musobaqasida 3 ta 2-o‘rinni egallagan.
2017-yil O‘zbekiston sport ustasi unvoniga ega bo‘lgan.
2018-yil 17-18 fevral kunlari Moskva shahrida bo‘lib o‘tgan Alina Kabayeva chempionlar kubogida kuchli o‘ntalikda o‘rin egalladi. Ishtirok yetgan 32 nafar sportchilar orasida 10-o‘rin sohibasi bo‘lgan.
2018-yil Malayziya davlati Kuala Lampur shahrida bo‘lib o‘tgan Osiyo chempionatida 1-o‘rinni egallagan.

2018-yil Navoiy viloyati hokimligining tashakkurnomasi bilan taqdirlangan.
2018-yil avgust–sentabr oyida Indoneziya davlati Jakarta shahrida bo‘lib o‘tgan nufuzli 18–Osiyo o‘yinlarida 2-o‘rinni egallagan.
2018-yil sentabr oyida Bolgariya davlatining Sofiya shahrida bo‘lib o‘tgan jahon chempionati ishtirokchisi.
2018-yil xalqaro toifadagi sport ustasi unvoniga ega bo‘lgan.
2018-yil Navoiy viloyati hokimligining tashakkurnomasi bilan taqdirlangan.
2019-yilning mart oyida Toshkent shahrida bo‘lib o‘tgan O‘zbekiston chempionatida tasma bilan bajargan mashqida 3–o‘rinni egallagan.
2019-yil O‘zbekiston xotin-qizlar qo‘mitasi tomonidan “Xalqaro qizlar kuni” munosabati bilan o‘tkazilgan ll-Respublika qizlar festivalining sport sohasida erishgan yutuqlari uchun faxriy yorliq bilan taqdirlangan.
2019-yil Italiya davlati Neopal shahrida bo‘lib o‘tgan butunjahon talaba yoshlar sport musobaqasida XXX Universiadada ishtirok etgan.
2021-yil sportning badiiy gimnastika turi bo‘yicha trener-o‘qituvchi sertifikati bilan taqdirlandi.
Raxmatova Dildora sport faoliyatidan tashqari dizaynerlik va milliy taqinchoqlar yasash bilan shug‘ullanadi.
Sport faoliyati doirasida tengdoshlari uchun va yosh avlod uchun sport bilan shug‘ullanish va sog‘lom turmush tarzi bilan bugungi kun yoshlari uchun maqsad va vazifalar mavzusida suhbat o‘tkazib turadi.
Raxmatova Dildora tomonidan Navoiy shahri va tuman (Karmana, Xatirchi, Navbahor, Qiziltepa) gimnastikachilari uchun, ularning mahoratlarini oshirish va yangi tajribalar bilan o‘rtoqlashish maqsadida o‘zining yuqori tajribasidan foydalanilgan holda “Mahorat darslari”ni ham o‘tkazib turadi.

XUSHXABAR

 

Karmanalik Feruza onlayn tartibda Ispan xalqaro Festivali konkursida 1-o‘rinni egalladi

Karmana tumanidagi 7-umumta'lim maktabining 9-sinf o‘quvchisi Nematova Feruza onlayn tartibda 14-16 yoshlilar o‘rtasida bo‘lib o‘tgan Katta Ispan xalqaro Festivali konkursida 1-darajali diplom bilan taqdirlandi.

 

 

Nematova Feruza 2007-yil 20-avgustda Navoiy viloyatining Navoiy shahrida tavallud topgan. Bugungi kunda Navoiy viloyati ittifoq Madaniyat yo'nalishi sardori hisoblanadi.

 

Nematova Feruzaning yutuqlari:

2020 yil - "Territoriya talantov" nomli "Raduga isskustv" Xalqaro tanlovda 1- o'rin laureati
2020 yil- O'zbekiston Yoshlar ittifoqi "Kamalak yulduzlari"tanlovidan 1-o'rinni egalladi.
2021 yil- "Asl san'atni jonli ijroda namoyish etamiz" shiori ostida o'tkazilgan " konkursida 2- o'rinni egallagan.
2021yil- O'zbekiston Yoshlar ittifoqi tomonidan o'tkazilgan "Sening mashhur ovozing" tanlovidan 3-o'rin
egallagan.
2022 yil- O'zbekiston Respublikasi Madaniyat Vazirligi tomonidan o'tkazilgan"San'atim senga,obod yurtim!"ijodiy ko'rik tanlovida 2 - darajali diplom bilan taqdirlangan.
2022 yil-"Besh tashabbus olimpiadasi" doirasida o'tkazilgan"Yoshlar ovozi" tanlovining Estrada yo'nalishida viloyat
bosqichida faxrli 2- o'rinni egallagan.

2022 yil- O'zbekiston Respublikasi Madaniyat Vazirligi tomonidan o'tkazilgan "Botir Zokirov" nomidagi zamonaviy estrada qo'shiqchilari tanlovining viloyat bosqichida 3- darajali diplom bilan taqdirlangan.
2023 yil- Rossiyaning Sankt-Peterburg shahridagi "Marafon Tvorchestva" nomli masofaviy Xalqaro konkurs festivalidan 1-o'rin laureati diplomini qo'lga kiritdi.
2023yil- Moskva shahridagi "Zolotoy Orfey" nomli masofaviy Xalqaro konkurs festivalida 1- o'rin laureati diplomini qo'lga kiritdi.
2023 yil -" Katta Xalqaro Grand Spain"nomli masofaviy xalqaro konkurs festivalidan 1-o'rinni qo'lga kiritdi.
2023 yil- Rossiyaning Moskva shahri
Rossiya Federatsiyasi Madaniyat Vazirligi va "Pro Kultura" tashkiloti bilan
hamkorlikda o'tkazilgan "Super Star " nomli masofaviy Xalqaro konkurs festivalidan faxrli 1-o'rin laureati diplomini qo'lga kiritdi.