Karmana tuman hokimi F.S.Umarovning 21-oktabr – O‘zbek tili bayrami kuni munosabati bilan bayram tabrigi

Muhtaram vatandoshlar, Qadrli tumandoshlar!

 

          Siz azizlarni, sizlar orqali butun xalqimizni bugungi qutlug‘ ayyom – O‘zbek tili bayrami bilan chin qalbimdan samimiy muborakbod etaman.

            Xalqimizning donishmandligi, asriy orzulari, armonlari, quvonchlari o‘zbek tili tarixida o‘z ifodasini topadi. Millatning aziz mulki sifatida e’zozlanadigan va yuksak tafakkur mahsuli bo‘lgan - Ona tili milliy qadriyatlarimizning eng bebahosi, nodiridir. Dunyoga dovrug‘ solgan buyuk allomalarimiz, tarixchi, olimlar, shoiru yozuvchilar aynan ona tilimiz orqali jahonga o‘z so‘zini aytib kelgan. Qanday xalq, qanday millat ekanligimizni isbotlagan. Buyuk madaniyatimizning bebaho namunalari, yirik ilmiy kashfiyotlar, badiiy durdonalar aynan shu tilda yaratilgandir. Ularga murojaat etar ekanmiz, nafaqat ma’naviy ozuqa olamiz, balki o‘zbek tilining sofligini ta’minlash, asrab-avaylash uchun mas’ullik sezamiz. Chunki bizning bu dunyoda borligimizni, kuch-qudratimizni namoyon etuvchi xazina – o‘zbek tili hisoblanadi.

          “Davlat tili haqida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining qabul qilinganligiga bu yil 34 yil to‘ldi. O‘tgan vaqt ichida o‘zbek tilining davlat tili sifatidagi nufuzi va mavqeini oshirish yo‘lida bir qator muhim qadamlar qo‘yildi. Tilning umriboqiyligini ta’minlash, uning sir sinoatini kashf etish yo‘lida bir qator ilmiy izlanishlar olib borilmoqda, lug‘atlar chop etildi, davlat tilini mukammal o‘rgatishga ixtisoslashtirilgan ijod maktablarining faoliyati yo‘lga qo‘yildi va qo‘yilmoqda. Dunyoning rivojlangan mamlakatlari Amerika Qo‘shma Shtatlari, Germaniya, Buyuk Britaniya, Fransiya, Rossiya, Yaponiya kabi 20 ga yaqin davlatning 60 dan ortiq universiteti va 100 dan ziyod maktabida buyuk Mahmud Koshg‘ariy, Yusuf Xos Hojib targ‘ib etgan, Navoiy bobomiz tomonidan buyukligi isbotlangan - o‘zbek tili o‘rganilmoqda. Sohaga oid 10 ga yaqin huquqiy me’yoriy hujjat qabul qilindi. Davlatimiz rahbarining 2019-yilning 21-oktabridagi “O‘zbek tilining davlat tili sifatidagi nufuzi va mavqeini tubdan oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoni xalqimiz ijtimoiy hayotida va xalqaro miqyosdagi obro‘-e’tiborini tubdan oshirish, unib-o‘sib kelayotgan yoshlarimizni vatanparvarlik, milliy an’ana va qadriyatlarga sadoqat, ulug‘ ajdodlarimizning boy merosiga vorislik ruhida tarbiyalash yo‘lida muhim asos bo‘ldi desam mubolag‘a bo‘lmaydi.

        Bugun yurtimizda “Milliy yuksalishdan, milliy tiklanish sari” ustivor g‘oyasi asosida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilyapti. Siyosiy-huquqiy, ijtimoiy-iqtisodiy, ma’naviy-ma’rifiy sohalarni birdek rivojlantirish, ta’lim tizimini takomillashtirishga e’tibor qaratilmoqda. Bu yo‘lda davlat tiliga e’tibor va hurmat barcha ishlarimiz avvali bo‘ladi. Shu bois, mazkur yo‘nalishda bir qator hayotiy loyihalar joriy etilmoqda. Milliy madaniyatimiz, ma’naviyatimizning asosi bo‘lgan ona tilimizning mavqeini oshirish ishi har birimizning u rahbar bo‘ladimi yoki xodim, qaysi kasb sohibi bo‘lishidan qa’iy nazar kundalik ishi va vazifasi bo‘lmog‘i kerak. Bu insoniy burchni har birimiz o‘zimizdan boshlab, oilamiz bag‘rida, jamoada namuna bo‘lsak, shu aziz vatanga bo‘lgan pokiza mehrimizni ifoda etgan bo‘lamiz. 2020-yilning 20-oktabrida davlatimiz rahbari tomonidan «Mamlakatimizda o‘zbek tilini yanada rivojlantirish va til siyosatini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi Farmon imzolandi. Farmonga muvofiq, 2020–2030-yillarda o‘zbek tilini rivojlantirish va til siyosatini takomillashtirish konsepsiyasi hamda asosiy yo‘nalishlari tasdiqlandi. Ta’lim tizimida o‘zbek tilining o‘qitilishining takomillashtirish, o‘zbek tili va adabiyoti bo‘yicha bilimni baholashning milliy test tizimi asosida rahbar kadrlarning davlat tilida rasmiy ish yuritish darajasi aniqlanishi, zamonaviy dasturlarni joriy etish masalasi – xalqimizning ertangi umidlari, maqsadlari bilan hamohang. Bu yo‘lda barcha jonkuyarlarga kuch-quvvat tilayman.

Ona tilimizning nufuzi obro‘yi yuksalib boraversin. Yana bir bor, barchangizni O‘zbek tili bayrami bilan tabriklayman. Sihat-salomatlik, oilangizga fayzu baraka tilayman. Aziz boshingiz omon bo‘lsin.