8 mart — Xalqaro xotin-qizlar kuni munosabati bilan Karmana tuman hokimi F.Umarovning bayram tabrigi

 

 

Assalomu alaykum, muhtarama onaxonlar, aziz opa-singillar!

           Betakror va jonajon yurtimizga orziqib kutilgan go‘zallik va yasharish fasli – Bahor kirib kelgan qutlug‘ kunlarda Siz aziz ayollarni va Siz orqali barcha moʻtabar onaxonlaru munis opa-singillarimizni 8 mart – Xalqaro Xotin-qizlar kuni bilan chin qalbimdan samimiy tabriklayman.


             Zero, ushbu bayramning aynan bahorning ilk kunlarida nishonlanishida ham keng ma’no mujassam bo‘lib, munis ayollarimiz bahor kabi hayotimizga yangilanish va yasharish, qalbimizga quvonch va shodlik tuyg‘ularini ulashadi.
Shuni quvonch bilan aytishimiz mumkinki, istiqlol yillarida yurtimizda xotin-qizlarning jamiyatdagi faolligini oshirish, ularni ijtimoiy himoyalash, moddiy va ma’naviy rag‘batlantirish borasida samarali ishlar amalga oshirildi.


           Mamlakatimizda joriy yilning “Insonga e’tibor va sifatli ta’lim yili” deb e’lon qilinganligi azaliy qadriyatlarimizdan bo‘lmish inson qadri ulug‘ligiga, xotin-qizlar huquqlarini himoya qilishni ta’minlashdagi o‘rniga yana bir bor yuksak e’tiborning namunasidir.
Ayniqsa, ona va bola salomatligini mustahkamlash, jismoniy, intellektual va ma’naviy jihatdan yetuk yosh avlodni voyaga yetkazish, sog‘lom turmush tarzi kabi masalalar eng ustuvor vazifalar etib belgilanganligi, bu borada barchamizga kuch-g‘ayratlarimizni ishga solishimiz, faol va fidoyi bo‘lishimizga undaydi.

           Eng muhimi, yurtimizda yaratilgan keng imkoniyatlar, yuksak e’tibor bois, ayollarimiz xoh ishlab chiqarish, xoh fan va ta’lim, xoh sport yoki madaniyat sohasi bo‘lsin o‘zlarining nimalarga qodir ekanliklarini, iste’dod va iqtidorlarini namoyon etib kelmoqdalar.
Ular saflarida Davlat mukofoti sohibalari, umuman olganda barcha soha vakilalarining borligi bizni mamnun etadi, hayotimizga o‘zgacha shukuh, o‘zgacha fayz baxsh etadi. Eng quvonarlisi shundaki, kuni kecha O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti bilan taqdirlash to‘g‘risida qaroriga asosan Karmana tumanidagi sport maktabining badiiy gimnastika bo‘yicha murabbiysi Raxmatova Dildora Ismat qizi Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti bilan taqdirlangani barcha tumandoshlarimiz uchun faxrlidir.


           Jamiyatimizda fidokorona mehnati bilan mamlakatimiz taraqqiyotiga munosib hissa qo‘shib kelayotgan qadri baland ayollarimizning buyuk xizmatlari bilan har doim haqli ravishda faxrlanamiz.
Oradan yillar, asrlar o‘tadi, lekin onani, ayolni doimo e’zozlab, ardoqlab yashashga intilish tuyg‘usi qalbimizda abadiy saqlanib qoladi.

Aziz opa-singillar, mehridaryo onaxonlar!

             Sizlarni va siz orqali tumanimiz ayollarini 8 mart - “Xalqaro xotin-qizlar kuni” bayrami bilan yana bir bor chin qalbimdan samimiy tabriklayman.
Sizlarga mustahkam sog‘lik, bahoriy xush kayfiyat, oilaviy baxt, tinchlik-xotirjamlik, xonadonlaringizga fayzu baraka tilayman!
Hech qachon qalbingizda xursandchilik, chehrangizdan kulgu arimasin!
Qutlug‘ ayyomingiz muborak bo‘lsin!